Bu haqda Bojxona qoʻmitasi axborot xizmati xodimi Husan Tangriyev oʻzining telegramdagi sahifasida maʼlum qildi.

Taʼkidlanishicha, hozirgi kunda BYUDni bojxona organiga taqdim etishda yuridik shaxs nomiga rasmiylashtirilgan elektron raqamli imzo (ERI) orqali deklaratsiyani tasdiqlash holatlari kuzatilmoqda. 

Shu sababli, deklaratsiyalovchi shaxslardan bundan buyon bojxona organlariga BYUD va BDT (BYUDni tuzatish shakli)larni taqdim etishda va hujjatlarni tasdiqlashda oʻzlarining elektron imzolaridan foydalanishlari talab etiladi. 

Eslatib oʻtamiz, BYUDni toʻldirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma (roʻyxat raqami 2773, 2016-yil 6-aprel) talablariga asosan, BYUDning  54-grafasida deklaratsiyalovchi shaxsning  JSHSHIRi koʻrsatilishi hamda BYUDda bayon etilgan maʼlumotlarning haqqoniyligi elektron BYUDda deklaratsiyalovchi shaxsning ERI bilan tasdiqlanishi belgilangan. 

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-iyuldagi 605-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 15-bandida deklaratsiyalovchi shaxs BYUDni shakllantirishi va oʻz imzosi bilan tasdiqlab, avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali bojxona xizmati organlariga yuborishi belgilangan. 

Mazkur Nizomning 28-bandiga asosan tovarlarning elektron deklaratsiyasini imzolash vakolatiga ega boʻlgan jismoniy shaxs (elektron raqamli imzo kalitining egasi) tovarlarni elektron shaklida deklaratsiyalashda koʻrsatilgan maʼlumotlarni oʻz elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlovchi shaxsdir.