2023-yilda 5 million nafar aholi bandligini taʼminlash zarur — Prezident

    Hukumat 25 Yanvar 2023 2429

    Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida kambagʻallikni qisqartirish, aholi bandligini taʼminlash va kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha 2023-yil uchun rejalar muhokama qilinmoqda.

    Davlatimiz rahbari kambagʻallikni qisqartirish milliy siyosat darajasiga olib chiqilganini taʼkidladi.

    Natijada oʻtgan yilning oʻzida kambagʻallik darajasi 17 foizdan 14 foizga tushgani, bunda hokim yordamchilari 1 million nafar aholini kasb-hunarga oʻqitib, tadbirkorligini boshlashga koʻmaklashgani, daromadli ish bilan band qilgani muhim omil boʻlgani qayd etildi.

    Shu davrda 200 mingga yaqin tadbirkorlik subyekti tashkil qilindi, 10 mingta korxona faoliyati kengaytirildi, 11 mingta korxona quvvati tiklandi.

    Bu ishlarni 2023-yilda davom ettirish, bandlikni taʼminlash boʻyicha barcha tarmoq va hudud rahbarlariga aniq topshiriqlar berilgan.

    Jumladan, 2023-yilda 5 million nafar aholi bandligini taʼminlash, shu jumladan 2 millionta doimiy ish oʻrinlarini yaratish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

    Misol uchun, Andijon viloyati joriy yilda investitsiya loyihalari hisobiga 40 mingta, paxta va gʻalladan boʻshagan yerlarni aholiga boʻlib berish hisobiga 75 mingta va mavsumiy ishlar orqali 200 mingta, mahallalarda mikromarkazlar tashkil etish, sanoat zonalarida ishlab chiqarishni kengaytirish va markaziy koʻchalarni xizmatlarga ixtisoslashtirish, savdo-servis obyektlarini barpo etish hisobidan 135 mingta; oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida ajratiladigan kreditlar hisobidan 20 mingta ish oʻrinlari yaratishni reja qilgan.

    Yoki, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida kartoshkachilikni yoʻlga qoʻyib, 10 ming aholini daromadli ish bilan taʼminlash, bogʻlarning sugʻorish tizimini tiklash hisobiga 2 ming, Koʻkdalada tarvuz ekishni yoʻlga qoʻyib, 32 ming, Mirishkorda dala chetlariga tut ektirish hisobiga pillachilikda qoʻshimcha 6 ming aholini daromadli qilishni reja qilgan.

    “Qolgan viloyatlar-chi? Bu borada hududlarning dasturlari bilan birma-bir tanishib chiqdim. Ochiq aytish kerak, ayrim viloyat, tuman va shahar hokimlari masalaning ichiga kirmagan”, - dedi Prezident.