Yevropa Ittifoqi joriy yil qish uchun yetarli miqdorda gaz zaxirasini olishga muvaffaq boʻldi, biroq kelgusi yil Rossiya gaz yetkazib berishni qisqartirishda davom etsa, yana taqchillik yuzaga kelishi mumkin. Bu haqda 12-dekabr kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Xalqaro energetika agentligi maʼlumotlariga tayangan holda maʼlum qildi.
“Biz qilgan barcha ishlarimizga qaramay, kelasi yil 30 milliard kub metr gaz tanqisligiga duch kelishimiz mumkin”, dedi Ursula fon der Lyayen.
Uning soʻzlariga koʻra, YEI byudjetni qayta koʻrib chiqishi va Rossiya gazidan foydalanishdan butunlay voz kechish uchun yirik energetika sarmoyalari uchun alohida fond yaratish haqida oʻylashi kerak. Yevrokomissiya rahbari bu maqsad uchun YEI yangi qoʻshma qarzni oʻz zimmasiga olishi kerak yoki yoʻqligiga aniqlik kiritmadi, biroq blok byudjetiga “boshqa manbalardan qoʻshimchalar kiritish” zarurligini qoʻshimcha qildi.