Vazirning maʼlum qilishicha, tibbiyot muassasalarini uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida jami 437 ta dizel generatori xarid qilindi. Ularning barchasi yanvarь-fevralь oylarida joylarga yetkazib beriladi.
Bundan tashqari, 2022-2023-yillarda Sogʼliqni saqlash tizimidagi 1 540 ta tibbiyot muassasasiga muqobil energiya manbalarini oʼrnatish belgilangan.
Hozir 107 ta tibbiyot muassasasiga 124 kVt. quvvatga ega quyosh panellari, 4 400 litr hajmdagi quyosh suv isitish qurilmalari oʼrnatildi.
Shuningdek, sogʼliqni saqlash tizimiga ajratilgan mablagʼlar doirasida jami 425 ta (shundan 375 tasi mahalla tibbiyot punktlari hamda 50 tasi oilaviy shifokorlik punktlari hamda oilaviy poliklinikalar uchun moʼljallangan) 2 352 kVt. quvvatga ega quyosh panellari xarid qilindi va ular joriy yilning birinchi choragida oʼrnatib, ishga tushiriladi.
Bundan tashqari, vazirlikning maʼmuriy binosiga 100 kVt. quvvatga ega quyosh panellarini oʼrnatish ishlari amalga oshirilmoqda.
2023 yilda mahalliy hokimliklar bilan birgalikda yana 1 008 ta obyektda 4 427 kVt. quvvatga ega quyosh panellari oʼrnatishi rejalashtirilgan.