2023-yilda Tez tibbiy yordam xizmatiga eng koʻp yolgʻon chaqiriq Toshkent viloyatida qayd etildi

    Eng kam yolgʻon chaqiriq esa Samarqand viloyatida roʻyxatga olindi — 19 ta!

    Tez tibbiy yordam xizmati faoliyatiga salbiy taʼsir etuvchi omillar koʻp. Ayniqsa, yolgʻon chaqiriqlar sababli aksariyat hollarda tibbiyot brigadalari chaqiriq manziliga oʻz vaqtida yetib bora olmaydi.

    Oqibatda shifokorlar haqiqiy yordamga muhtoj bemorlar qolib, yolgʻon qoʻngʻiroq egasi va uning manzilini aniqlashtirish bilan ovora boʻladi. Bu esa ogʻir bemorlar hayotini xavf ostiga qoʻyishi aniq.

    — Raqamlarni tahlil qilsak, oʻtgan 2023-yilda “103” xizmatiga jami 3505 ta yolgʻon chaqiriq kelib tushdi, — deydi Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon Gafurov. — Quvonarlisi, mazkur koʻrsatkichni 2022-yil bilan taqqoslasak, asossiz murojaatlar soni sezilarli darajada kamayganini koʻrish mumkin.

    Ammo shunga qaramay, ayrim hududlarda yolgʻon murojaatlar soni hamon yuqoriligicha qolmoqda.

    Tahlillar shuni koʻrsatadiki, 2023-yilning oʻtgan oʻn ikki oyi davomida eng koʻp bunday chaqiriq Toshkent viloyatida qayd etilib, bu raqam 630 tani tashkil etdi. Keyingi oʻrinda 518 ta chaqiriq bilan Fargʻona viloyati joylashdi. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatidan 502 ta ana shunday murojaat kelib tushgan.

    Eng kam yolgʻon chaqiriq esa Samarqand viloyatida roʻyxatga olindi — 19 ta!

    Maʼlumot oʻrnida aytish kerak, 2022-yilda Respublika tez tibbiy yordam xizmatiga kelib tushgan 5 ming 446 ta murojaat yolgʻon chaqiriq deb baholangan edi.