Samsung yana bir yangi smartfonni taqdim etdi. Bu safar bir necha oydan beri mish-mishlari tarqalayotgan Galaxy A14 5G modeli rasman eʼlon qilindi.
Qurilma oʻtgan yilgi Galaxy A13 5G modeliga oʻxshash. Yangilik sifatida FHD+ rezolyutsiyadagi displey hamda yaxshilangan 13MP selfi kamerani aytish mumkin.
Galaxy A14 5G modeli 90 gerts chastotada ishlovchi FHD+ rezolyutsiyadagi 6.6 dyuymli IPS LCD displeyi bilan jihozlangan. Qolgan texnik koʻrsatkichlar boʻyicha yangi model eskisidan farq qilmaydi. Yaʼni smartfon Dimensity 700 chipi, 4GB tezkor hamda microSD kartasi bilan kengaytirish mumkin boʻlgan 64GB doimiy xotiraga ega.
Orqa panelda 50MP asosiy, 2MP makro va 2MP sath kameralar joylashgan. Qurilmadagi 5,000 mAs sigʻimli akkumulyatorni 15 vatt tezlikda quvvatlash mumkin.
Smartfon Android 13 operatsion tizimiga asoslangan One UI 5 grafik qobigʻida ishlaydi. Uning qora, yashil, qizil va oq rangli turlari mavjud. Qurilmaning narxi 200 dollarni tashkil qiladi. Savdolar 12-yanvardan boshlanadi.