2024-2025-o‘quv yili uchun abituriyentlarni ro‘yxatga olish 5-iyundan boshlanadi

    2024-2025 oʻquv yilidan boshlab davlat oliy va professional taʼlim muassasalariga (kasb-hunar maktabi bundan mustasno) qabul qilish boʻyicha imtihonlar “avval test, soʻng tanlov” tamoyiliga muvofiq bir vaqtda oʻtkaziladi.

    Bunda abituriyentlar oʻz tanloviga koʻra test sinovi natijasida toʻplagan balidan kelib chiqib, dastlab oliy taʼlimning bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga, soʻng professional taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi.

    Oliy va professional taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida oʻtkaziladi.

    Davlat oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga qabul jarayoni quyidagi 2 bosqichda amalga oshiriladi:

    • 1-bosqichda abituriyentlar har yili 5-iyundan 25-iyunga qadar test sinovi topshirish uchun roʻyxatdan oʻtadi hamda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, taʼlim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon boʻlsa, ushbu imtihonni topshiradigan davlat OTMni tanlaydi.
    • 2-bosqichda abituriyentlar test sinovlari toʻliq yakunlanganidan soʻng 15 kun davomida oliy taʼlim muassasasi, bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va taʼlim shaklini tanlaydilar.

    Kollej va texnikumlarda oʻqish istagini bildirgan abituriyentlar kollej va (yoki) texnikumni, kasb va mutaxassislikni hamda taʼlim shaklini OTMlariga qabulning yakuniy natijasi eʼlon qilinganidan soʻng 10 kun muddatda tanlaydi.