Bojxona qoʻmitasida 2024-yildagi faoliyat sarhisobi va 2025-yildagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan Hayʼat yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda, jumladan, sohada erishilgan yutuqlar va 2025-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlar xususida gap bordi.
Qayd etilishicha, yakuniga yetayotgan yilda 17 mingga yaqin tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga bojxona toʻlovlaridan 49,6 trln soʻmlik imtiyoz va preferensiyalar qoʻllanildi, 6,6 trln soʻmlik bojxona toʻlovlarini kechiktirib toʻlashga ruxsat berildi.
Davlat byudjetiga undirilgan bojxona toʻlovlari oʻtgan yilga nisbatan 8 foizga oshishiga erishildi.
9 mingga yaqin holatda 914 mlrd soʻmlik tovarlar, 35 mlrd soʻm ekvivalentidagi valyuta qimmatliklari, 76 mlrd soʻmlik zargarlik buyumlari, 63 mlrd soʻmlik tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanuviga chek qoʻyildi.
Joriy yilda bojxona organlari tomonidan 1 tonnadan ziyod giyohvandlik vositalari, 554 ming dona psixotrop va kuchli taʼsir etuvchi moddalar, 49 dona qurol, 3010 ta oʻq-dorilar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Sohani raqamlashtirish hisobiga eksportda 91 foiz, importda esa 75 foiz deklaratsiyalar soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirildi. Bunda 54 mingdan ortiq eksport va import deklaratsiyalarining rasmiylashtiruvi inson omilisiz amalga oshirildi.
Yigʻilishda, shuningdek,kelgusi yilda sohada yoʻl qoʻyilayotgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish va yanada yuqori koʻrsatkichlarga erishishni taʼminlashga xizmat qiluvchi qator takliflar muhokama qilindi va 2025-yil uchun ustuvor yoʻnalishlar belgilab olindi.