Majlisda iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov axborot berdi.
– Davlat dasturidagi ustuvor yoʻnalishlar va maqsadlarning oʻz vaqtida sifatli bajarilishini taʼminlash maqsadida barcha zarur choralar koʻrilgan. 2024-yil yakunida yalpi ichki mahsulot oʻtgan yilga nisbatan 6,5 foizga oshib, 115 mlrd. dollarga yetdi. Davlat byudjeti daromadlari 274,4 trillion soʻmga yetib, 18,4 foizga koʻpaydi. Yillik inflyatsiya darajasi 9,8 foizni tashkil etdi.
Xorijiy investitsiyalar hajmi avvalgi yilga nisbatan qariyb 1,6 foizga koʻpayishiga erishildi. Eksport ilk bor 27 milliard dollarga yetdi. Togʻ-kon, neft-gaz, kimyo, qishloq xoʻjaligi sohalarida investitsiyalar hajmi ikki barobar koʻpaydi.
Aholi bandligini taʼminlash, daromadlarini oshirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar oʻz samarasini bermoqda. Bu boradagi ishlar oʻlaroq, kambagʻallik darajasi 2023-yildagi 11 foizdan 2024-yilda 8,9 foizga qisqarishiga sharoit yaratildi, – dedi Jamshid Qoʻchqorov.









