баннер
14 Mar 2025
11:37

    2024-yilda kredit rasmiylashtirishga oid firibgarlik holatlari 42 foizga oshgan — Ombudsman

    2024-yilda firibgarlik yoʻli bilan fuqarolar nomiga onlayn kredit ajratish orqali 463 ta holatda qariyb 15 mlrd soʻm miqdorda moddiy zarar yetkazilgan.

    Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakilining maʼlum qilishicha, 2024-yili Ombudsmanga fuqarolardan iqtisodiy huquqqa oid 6 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan.

    Taʼkidlanishicha, ushbu murojaatlarning 9 foizi firibgarlik holatlari bilan bogʻliq. Fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlari asosida turli tijorat banklaridan kredit ajratish holatlari sezilarli darajada koʻpaygan. 2023-yilda shunday murojaatlar soni 110 tani tashkil qilgan boʻlsa, 2024-yilda bu raqam 42 foizga oshgan.

    Murojaatlarning 60 foizida oʻzini “Click” kompaniyasi yoki Markaziy bank xodimi sifatida tanishtirgan shaxslar fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlaridan foydalangan holda, onlayn kreditlar rasmiylashtirgan. Ayrim holatlarda esa bir shaxs nomiga 5-6 ta tijorat banklaridan kreditlar rasmiylashtirilgan.

    Ushbu murojaatlar yuzasidan Ichki ishlar organlari tergovchilari tomonidan tijorat banklariga ushbu fuqarolar kredit mablagʻlaridan oʻzlari foydalanmaganligi hamda fuqaroviy daʼvogar deb topilgani, shuningdek, aybdor shaxslar topilguniga qadar kredit qarzdorligi hamda unga foizlar hisoblashni toʻxtatib turish yuzasidan topshiriqlar yuborilgan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 36-moddasida tergovchining oʻz yurituvidagi ish boʻyicha qonunga muvofiq bergan yozma topshiriqlari va qarorlari barcha korxonalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy ekani belgilangan. Lekin, shunga qaramay, banklar tomonidan firibgarlik natijasida aldangan fuqarolardan kreditni toʻlash talab qilib kelinmoqda.

    Ombudsman tomonidan ushbu yoʻnalishdagi murojaatlar boʻyicha fuqarolar manfaatida Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga 5 ta daʼvo arizalari kiritilib, banklar bilan tuzilgan kredit shartnomalari haqiqiy emas deb topildi. 1 nafar fuqaro nomiga olingan kredit mablagʻlari uning foydasiga qaytarilib, maʼnaviy zarar undirilishiga erishildi.

    Markaziy bank tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, 2024-yilda firibgarlik yoʻli bilan fuqarolar nomiga onlayn kredit ajratish orqali 463 ta holatda qariyb 15 mlrd soʻm miqdorda moddiy zarar yetkazilgan.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech