2024-yilda kuchli jaziramadan aziyat chekishi kutiladigan hududlar maʼlum qilindi

    2024-yilning yozi issiqlik va namlik boʻyicha rekordlarni yangilashi mumkin, deya ogohlantirmoqda iqlimshunoslar.

    Berklidagi Kaliforniya universiteti olimlari tomonidan tayyorlangan prognoz ekvator boʻylab katta hududlarni, jumladan, Hindiston va Afrikaning katta qismini, Markaziy va Janubiy Amerika va Avstraliyani, shuningdek, AQSHning bir qismini qamrab oladi.

    Olimlar El-Ninyo hodisasining global haroratning oshishiga taʼsirini tahlil qildi. El-Ninyo - tabiiy iqlim oʻzgarishining issiq davri sanaladi. Global isish davrida bu hodisa oʻz oqibatlarini yanada kuchaytirmoqda.

    Olimlarning taʼkidlashicha, eng yuqori harorat El-Ninyo choʻqqisidan taxminan besh oy oʻtgach sodir boʻladi. Oxirgi choʻqqi 2023-yil dekabriga toʻgʻri keldi. Tahlillar shuni koʻrsatdiki, 2024-yilda tropik mintaqada oʻrtacha maksimal nam havo harorati Selsiy boʻyicha 26,2 darajani tashkil qiladi. Uning avvalgi harorat rekordini yangilash ehtimoli 68 foizni tashkil etadi.

    Shimoliy Hindiston kabi tez-tez nam issiqlikdan aziyat chekadigan hududlarda bu yozda rekord darajadagi issiqlik va namlikning 50 foiz ehtimoli bor. Sahal mintaqasida (Saxara choʻllari va Gʻarbiy Afrika savannalari orasidagi oʻtish zonasi) xavf 35 foizga baholanmoqda.

    Olimlar issiqlik va yuqori namlikning kombinatsiyasi juda xavfli ekanligi haqida ogohlantirdilar. Koʻpchilik quruq issiqlikka toqat qila oladi, ammo nam issiqlik tana uchun juda stressdir. Havo qanchalik nam boʻlsa, ter shunchalik kam bugʻlanadi, bu terning sovutish taʼsirini kamaytiradi va tana haroratini normal saqlashni qiyinlashtiradi, deb xabar beradi Geophysical Research Letters.