Soʻzga chiqqanlar mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yuksaltirish, shu jumladan aholining hayoti uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, kambagʻallikni qisqartirish, halq turmush farovonligini oshirish, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport hamda boshqa sohalarni rivojlantirish boʻyicha izchil islohotlar amalga oshirilayotganini taʼkidlab oʻtdi.
Joriy yilda hududlarda dolzarb ijtimoiy muammolarni, mahalla infratuzilmasi bilan bogʻliq muhim masalalarni hal etish hamda boshqa sohalarni rivojlantirish yuzasidan Prezidentning qator farmon va qarorlari qabul qilingan.
Amalga oshirilayotgan tadbirlarning oʻz vaqtida moliyalashtirilishini taʼminlash va qoʻshimcha xarajatlar manbalarini aniqlash zarurati yuzaga kelgani qayd etildi.
Ushbu Qonun bilan “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasidagi tadbirlarni moliyalashtirish hamda koʻp kvartirali uylarda va ijtimoiy soha muassasalarida energiya samaradorligini yaxshilash bilan bogʻliq tadbirlar uchun qoʻshimcha mablagʻ ajratilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, byudjet mablagʻlarining maqsadli, samarali sarflanishini oshirish, byudjet intizomini mustahkamlash doirasida mablagʻlarning bir qismini maqbullashtirish va ularni qoʻshimcha xarajatlarga yoʻnaltirish nazarda tutilmoqda.
Senatorlar 2025-yil uchun Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonunga kiritilayotgan oʻzgartishlar mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni oʻz vaqtida moliyalashtirishga xizmat qilishini taʼkidladi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.








