Bu haqda 23-dekabr kuni IIVda oʻtkazilgan matbuot anjumanida vazir oʻrinbosari — Tergov departamenti boshligʻi Ramazon Ashrapov maʼlum qildi.

Uning soʻzlariga koʻra, tizimda amalga oshirilgan ishlar natijasida 2025-yilning oʻtgan davrida 39 foiz yoki 3503 ta mahallada bironta ham jinoyat sodir etilmagan.

Uning qayd etishicha, 11 oyda oldini olish lozim boʻlgan jinoyatlar oʻtgan yilga (45 545 ta) nisbatan 4192 taga (41 353 ta) kamaygan. Xususan, barcha ogʻir turdagi jinoyatlar:

  • badanga qasddan ogʻir shikast yetkazish 860 ta (2024-yilda — 965 ta);
  • oʻgʻrilik 10 154 ta (2024-yilda — 10 607 ta);
  • talonchilik 389 ta (2024-yilda — 517 ta);
  • bosqinchilik 119 ta (2024-yilda — 163 ta);
  • firibgarlik 7565 ta (2024-yilda — 8216 ta);
  • bezorilik 2063 ta (2024-yilda — 2369 ta);
  • yoʻl-transport hodisalari 8738 ta (2024-yilda — 9365 ta);
  • transport vositasini olib qochish 216 taga (2024-yilda — 254 ta) kamayishiga erishilgan.

Shuningdek:

  • yoshlar 12 110 ta (2024-yilda — 16 062 ta);
  • voyaga yetmaganlar 2306 ta (2024-yilda — 2870 ta);
  • ayollar 3214 ta (2024-yilda — 4167 ta);
  • ishsizlar 3091 ta (2024-yilda — 4364 ta);
  • guruhlar tomonidan 3480 ta (2024-yilda — 4491 ta) sodir etilgan jinoyatlar ham kamaygan.
«Biroq nomusga tegish jinoyatining 6 foiz, yaʼni 359 tadan 381 tagacha oshib ketishiga yoʻl qoʻyildi. Qayd etish kerak, davlatimiz oiladagi zoʻravonlikka qarshi qonun qabul qilgan Markaziy Osiyodagi birinchi davlat hisoblanadi. Bu bordagi ishlar shaxsan Prezident administratsiyasi rahbari [Saida Mirziyoyeva] tomonidan nazoratga olingan. Bugungi kunda ayollarning huquqlarini himoya qilishni taʼminlash, ularga nisbatan zoʻravonlikka qarshi kurashish borasida qatʼiy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda», — deydi IIV rahbari oʻrinbosari.

«Umuman olganda, zoʻravonlikning har qanday koʻrinishiga qarshi murosasiz kurashish, mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, har bir qilmish uchun “jazo muqarrarligi”ni taʼminlash borasida bundan keyin ham kuchaytirilgan tarzda tizimli ishlar olib boriladi», — deya qoʻshimcha qildi Ramazon Ashrapov.

Uning taʼkidlashicha, “himoya orderi” olgan ayollarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish maqsadida ularning xonadonlariga 8170 ta tashvish tugmalari oʻrnatilgan.

«Natijada oilaviy nizolar koʻp uchraydigan Qashqadaryo viloyatining oʻzida 486 ta „himoya orderi« berilgan ayollarning xonadonlariga tashvish tugmalarini oʻrnatish orqali zoʻravonlik jinoyatlarining soni 29 foizga kamayishiga erishildi», — deydi u.