2025-yilda Samarqandda CITES tomonlar konferensiyasining yigʻilishi boʻlib oʻtadi

    Oʻzbekiston 2025-yilda Yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi toʻgʻrisidagi konvensiya (CITES) tomonlar konferensiyasiga mezbonlik qiladi.

    2025-yilning 24-noyabr-5-dekabr kunlari Samarqand shahrida Yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi toʻgʻrisidagi konvensiya (CITES) tomonlar konferensiyasining 20-yigʻilishi (COP20) oʻtkaziladi, deya xabar bermoqda Ekologiya vazirligi.

    Qayd etilishicha, bu haqdagi bitim ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va CITES bosh kotibi Ivonn Iguyero tomonidan Biologik xilma-xillik toʻgʻrisidagi konvensiya ishtirokchilari konferensiyasi doirasida imzolandi.

    «Mazkur shartnomaning imzolanishi biologik xilma-xillikning yoʻqolishi va yovvoyi tabiatning noqonuniy savdosiga qarshi kurashda hamkorlik muhimligini taʼkidlaydi. Biz xalqaro hamjamiyatni 2025-yilda COP20 doirasida Samarqandda kutib olishdan mamnunmiz, u yerda sayyoramizning boy biologik merosini himoya qilish borasidagi saʼy-harakatlarimizni birlashtiramiz», — dedi Aziz Abduhakimov.

    Oʻz navbatida, Ivonn Iguyero Oʻzbekistonning mazkur tadbirni tarixiy Samarqand shahrida oʻtkazish taklifi uchun minnatdorlik bildirdi.

    CITES konvensiyasi 1973-yil 3-martda imzolangan va 1975-yil 1-iyuldan kuchga kirgan. Konvensiyaning maqsadi yovvoyi hayvonlar va oʻsimliklarning turlarini asrash va ularning noqonuniy savdosining oldini olishdan iborat. Oʻzbekistondan ham koʻplab turlar tashkilot roʻyxatiga kiritilgan, mamlakat 1997-yildan buyon konvensiya ishtirokchisi hisoblanadi.

    Oʻzbekiston CITESʼning 184 tomoni (183 ta davlat va Yevropa Ittifoqi) hamda yovvoyi tabiatni muhofaza qilish va savdo sohasida keng doiradagi manfaatdor tomonlarning yigʻilishiga mezbonlik qiladigan Markaziy Osiyodagi birinchi davlatdir.

    Tadbirda 4000 dan ortiq ishtirokchi va delegatlar ishtirok etishi kutilmoqda. Tadbir doirasida tomonlar yovvoyi tabiatning xalqaro savdosi barqarorligi, qonuniyligi va kuzatilishi, turlarni saqlash va barqaror resurslarni boshqarish boʻyicha muhokamalar oʻtkazishi kutilmoqda.