Oila – oilaga, qoʻshni – qoʻshniga koʻmak berib yashagan. Biz mana shunday oʻta noyob qadriyatimizga doimo sodiq qolishimiz, yosh avlodimizni ayni shu ruhda tarbiyalashimiz kerak.

Bugungi kunda jamiyatimizda turli xil fikr va qarashlar boʻlishi tabiiy. Bu – demokratiyaning birlamchi talabi.

Ammo millati, tili va dinidan qatʼi nazar, 38 millionli el-yurtimizni birlashtiradigan ulugʻ bir gʻoya bor. U ham boʻlsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir.

Mana shunday buyuk maqsadga erishishda mahalla tizimining oʻrni va taʼsiri beqiyos. Chunki mahalla tinch va ahil boʻlsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat boʻladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi», – dedi Prezidentimiz.

Shularning barchasini hisobga olib, Prezidentimiz 2026-yilni yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb eʼlon qilishni taklif qildi.

Yangi yilning nomida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish uchun alohida davlat dasturi qabul qilinadi.

Ushbu dasturda yurtimizdagi 9 mingdan ziyod mahallani, avvalo, mehr-oqibat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish kabi dolzarb masalalar oʻz ifodasini topadi.

«Biz Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda hal qiluvchi bosqichga qadam qoʻymoqdamiz. Bu yoʻldagi ishlarimiz har bir soha va tarmoqda chuqur transformatsiyani talab qiladi.

Maqsadimiz aniq: yaqin yillarda daromadi oʻrtadan yuqori mamlakatlar qatoriga kirish.

Fargʻona vodiysidan Orolboʻyigacha, Zarafshon vohasidan Qashqadaryo va Surxondaryogacha, Toshkentdan tortib, Jizzax va Sirdaryogacha – yurtimizning qaysi hududida yashamasin, har bir fuqaromiz bugundan boshlab islohotlar natijasini kundalik hayotida yanada koʻproq his qilishi kerak.

Shuning uchun, kirib kelayotgan 2026-yil davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot tarmoqlari, taʼlim, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport, ekologiya tizimini – barcha-barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili boʻladi», – dedi Prezidentimiz.