Birinchidan, tadbirkorlikni yanada qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratiladi.

Shu yil 20-avgust kuni tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan ochiq muloqot doirasida, 7 ta yoʻnalish boʻyicha 60 ga yaqin yangi tashabbus va takliflarni amalga oshirish uchun alohida Dastur qabul qilindi.

Shavkat Mirziyoyevning qayd etishicha, biznes sohasiga imkoniyatlarni kengaytirish, soliq turlari va uning yukini kamaytirish boʻyicha tizimli ishlar izchil davom ettiriladi.

2020-yilda qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 20 foizdan 15 foizga tushirilgan edi. Bu – 100 ming tadbirkor ixtiyorida 10 trillion soʻm mablagʻ qoladi, degani.

2023-yildan boshlab ushbu soliq stavkasi 15 foizdan 12 foizga tushiriladi.

Kelgusi yili korxonalarning mol-mulk soligʻi stavkasi 2 foizdan 1,5 foizga kamaytiriladi va buning natijasida tadbirkorlar ixtiyorida yiliga 500 milliard soʻm mablagʻ qoladi.

Yana bir yangilik – 2023-yildan yuridik shaxslarning mol-mulk va yer soliqlarini birlashtirib, yagona koʻchmas mulk soligʻi joriy qilinadi.

Hozirgi vaqtda bank, moliya, telekommunikatsiya kabi tadbirkorlik yoʻnalishlarida foyda soligʻi stavkasi har xil boʻlib, ular amaldagi 20 foizdan 15 foizga tushiriladi va barcha tadbirkorlar uchun bir xil boʻladi.

Yoʻl qurilishi, issiqlik taʼminoti, obodonlashtirish xizmatlari kabi 25 ta faoliyat turidagi monopoliyaga barham berilib, endi bu sohalarda tadbirkorlik subyektlariga keng yoʻl ochiladi.

Tuman va shaharlardagi mavjud bir nechta tadbirkorlikka koʻmaklashadigan tuzilmalar negizida Tadbirkorlar kengashi tashkil etiladi.