Yangi FIFA Pass tizimi chipta egalariga uzoq navbat kutish zarur boʻlgan hollarda tezlashtirilgan suhbat vaqtini tanlash imkonini beradi.
Davlat kotibi Marko Rubioning taʼkidlashicha, chiptaga ega boʻlish avtomatik tarzda AQSH turistik vizasini olishni anglatmaydi. Biroq mundial chiptalariga ega fuqarolar ariza topshirgandan soʻng 6–8 hafta ichida elchixonada suhbatga chaqirilishi mumkin.
“Chipta — viza emas. Barcha arizalar bir xil tartibda tekshiriladi, faqat navbatda oldinga suriladi”, — dedi Rubio.
2026-yilgi mundial AQSH, Kanada va Meksikada oʻtkaziladi. FIFA prezidenti Janni Infantinoning aytishicha, chempionatni tomosha qilish uchun AQSHga 10 milliongacha muxlis kelishi mumkin.
Ayrim mamlakatlarda viza suhbatiga navbatlar ancha uzun. Masalan, Kolumbiyada — 11 oy, Mexikoda — 9,5 oy, Toronto shahrida esa 14 oygacha choʻzilmoqda.
AQSH Sayyohlik Assotsiatsiyasi qarorni qoʻllab-quvvatlab, uni “samaradorlik va xavfsizlikni oshiradigan amaliy qadam” deya baholadi.
Shu bilan birga, AQSHga kirishi cheklangan 12 davlat fuqarolariga yangi qoida qoʻllanilishi yo qoʻllanilmasligi hali aniq emas. Ushbu roʻyxatda jahon chempionatiga chiqayotgan Eron ham bor.
Shuningdek, Yevropa mamlakatlarining aksariyati, Yaponiya va Avstraliya fuqarolari AQSHga vizasiz 90 kungacha sayohat qilishi mumkin.









