2027-yilda xalqaro isteʼmolchilar kongressini Oʻzbekistonda oʻtkazish taklifi qilindi

    Xalqaro hamkorlik 11 Iyul 2025 1160

    Jeneva shahrida oʻtkazilayotgan BMTning Raqobat va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boʻyicha 9-konferensiyasi doirasidagi muhim xalqaro uchrashuvlardan biri – Xalqaro isteʼmolchilar tashkiloti (ConsumersInternational) bosh direktori Helena Loran hamda Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisi Xalilillo Toʻraxoʻjayev, Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov oʻrtasida boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda Xalqaro isteʼmolchilar tashkiloti tomonidan 2027-yilda oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan navbatdagi Xalqaro Isteʼmolchilar Kongressiga Oʻzbekiston mezbonlik qilishi yuzasidan rasmiy taklif bildirildi. Ushbu taklif Oʻzbekistonning isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro hamkorlikda faol ishtirok etib kelayotgani, qonunchilik bazasining takomillashgani va Federatsiya faoliyati xalqaro miqyosda eʼtirof etilayotganidan dalolat beradi.

    Xalqaro Isteʼmolchilar Kongressi isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida dunyodagi eng nufuzli anjumanlardan biri boʻlib, unda turli davlatlarning hukumat va nohukumat tashkilotlari, olimlar, biznes vakillari hamda jamoat faollari ishtirok etadi. Kongress isteʼmolchilar huquqlari, global xavfsizlik, raqamli muhitdagi huquqlar, istiqbolli siyosat va innovatsion yondashuvlar kabi dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun xalqaro maydon hisoblanadi.

    Avvalgi Kongress 2023-yilda Keniyaning Nayrobi shahrida oʻtkazilgan boʻlib, unda 70 dan ortiq mamlakat vakillari ishtirok etgan. Agar 2027-yilgi Kongress Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan boʻlsa, u holda Markaziy Osiyo mintaqasida bunday darajadagi tadbir ilk bor tashkil etilgan boʻladi. Bu esa mamlakatda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishga oid siyosatni yanada rivojlantirish, xalqaro nufuzini oshirish va global miqyosdagi tashabbuslarga faol qoʻshilishga xizmat qiladi.

    Oʻzbekiston tomoni bunday yirik xalqaro anjumanni yuqori saviyada tashkil etish uchun zarur infratuzilma, institutsional tayyorgarlik hamda hamkorlik muhiti mavjudligini taʼkidladi.

    Maʼlumki, Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi 2018-yildan buyon Xalqaro isteʼmolchilar tashkilotining toʻlaqonli aʼzosi hisoblanadi. Federatsiya faqat milliy darajada emas, balki xalqaro miqyosda ham samarali faoliyat olib borib, mintaqaviy hamkorlik, elektron savdo, raqamlashtirish, turizm, oziq-ovqat xavfsizligi va jamoatchilik nazorati sohalarida muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda.

    Maʼlumot uchun: Consumers International – 1960-yilda tashkil etilgan boʻlib, isteʼmolchilar tashkilotlarining global tarmogʻi hisoblanadi. Unga jahonning 100 dan ortiq mamlakatidagi 200 dan ziyod isteʼmolchilar tashkilotlari aʼzo boʻlgan.

    Shuningdek, ushbu tashkilot BMTda maslahatchilik maqomiga ega, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) huzuridagi maxsus guruh hamda Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO)ning maslahat guruhi tarkibida faoliyat yuritadi.