Taʼkidlanganidek, ushbu qonun loyihasi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar, ulardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlarning noqonuniy aylanmasini kamaytirishga qaratilgan. Qonun loyihasi bilan qimmatbaho metallardan tayyorlangan yarim tayyor zargarlik buyumlarini Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga olib chiqishda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasining xulosasini olish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, 2029-yil 1-fevralgacha zargarlik sohasidagi ishlab chiqaruvchilarga bir qator imtiyozlar berish nazarda tutilmoqda. Yaʼni, ularning yaratayotgan ish oʻrniga qarab, sotib olinayotgan qimmatbaho metal va oltin narxida (1 foizdan 4 foizgacha) chegirma berilmoqda.

2025-yilning oʻzida zargarlik sohasida tadbirkorlik subyektlari soni qariyb 4 barobarga koʻpaydi. Tayyor zargarlik mahsulotlari eksporti 5,1 tonnaga oshdi. Yoki 439 million dollarga yetib, avvalgi yilga nisbatan 4,7 barobarga oshgan.

Qonun loyihasining qabul qilinishi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarning muomalada boʻlishi sohasidagi davlat siyosatini takomillashtirish, mahalliy zargarlik sanoatini rivojlantirish, qonuniy faoliyat olib borayotgan mahalliy tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi.