2030-yilda Oʻzbekiston aholisi 40 million kishiga yetadi va Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisining deyarli yarmini tashkil etadi

    Bu haqda Senatning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha seminarida maʼlum qilindi.

    Oʻzbekiston soʻnggi yillarda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha eng yuqori natijaga erishgan oʻnta davlat orasida yuqori oʻrinni egallab kelmoqda.

    Poliz ekinlari, kartoshka, sabzavot, uzum, meva, rezavorlar va chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish sezilarli darajada oshdi. Yer munosabatlari sohasida salmoqli ishlar boshlab yuborildi. Jumladan, 200 ming gektar ekin maydonlari dehqonlar ixtiyoriga topshirildi. Bu qoʻshimcha oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish hamda minglab qishloq aholisining bandligini taʼminlash imkonini bermoqda.

    Keyingi yillarda paxta va uzum hosildorligini sezilarli darajada oshirishga erishildi. Biroq, qurgʻoqchilik darajasi ortishi va yuzaga kelayotgan iqlim anomaliyalari tufayli bir qator asosiy qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hosildorligida pasayish kuzatilmoqda. Xususan, poliz ekinlari hosildorligi 17, sabzavot hosildorligi 14, don va makkajoʻxori 6 , kartoshka qariyb 3 , bugʻdoy hosildorligi esa 1,5 foizga kamaygan.

    Senatda boʻlib oʻtgan “Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va qishloq xoʻjaligining barqaror rivojlanishiga koʻmaklashish” mavzusidagi seminarda shu haqda soʻz yuritildi.

    Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi doirasida Senatning Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi tomonidan Qonunchilik palatasining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi hamda BMTning Oʻzbekistondagi agentliklari bilan hamkorlikda tashkil etilgan seminarda aholi, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam, jumladan, goʻdaklarni muvozanatli va sifatli oziq-ovqat bilan taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar boʻyicha fikr almashildi. Shuningdek, 2030-yilga borib 5 yoshgacha boʻlgan bolalarda boʻy va vaznning sekin oʻsishiga olib keladigan toʻyib ovqatlanmaslikning barcha koʻrinishlariga barham berish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida muhokamalar olib borildi.

    Oʻsmir qizlar, homilador va emizikli ayollar hamda keksalarning oziq-ovqatga boʻlgan ehtiyoji qay darajada qondirilayotgani, qishloq xoʻjaligida oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishning oʻrtacha unumdorligi, mahsulot yetishtiruvchilar daromadini koʻpaytirish uchun qanday chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani boʻyicha vazirlik va idoralarning maʼruzalari tinglandi.

    Seminarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish samaradorligini oshiradigan barqaror oziq-ovqat ishlab chiqarish tizimlarini va usullarini joriy etish, sohada salohiyatni oshirish, ilmiy-tadqiqotlar va zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish orqali investitsiya kiritishni koʻpaytirish borasida koʻrilayotgan choralarga eʼtibor qaratildi.

    Taʼkidlanganidek, salbiy oqibatlarga oziq-ovqat xavfsizligi bilan bogʻliq muammolar, jumladan, hosildorlikning pasayishi, suv tanqisligi, yerlarning degradatsiyasi, kasallanishning oshishi va boshqalar kiradi.

    Oʻzbekiston uchun ichki xavflar asosan aholining sezilarli darajada yuqori oʻsish surʼatlaridan kelib chiqadi. Soʻnggi 30 yil ichida aholi soni 15 millionga koʻpayib, bugungi kunda 36 milliondan oshdi. Prognozlarga koʻra 2030-yilga kelib Oʻzbekiston aholisi 40 million kishiga yetadi va bu Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisining deyarli yarmini tashkil qiladi.

    Suv resurslarining kamayishi, shu jumladan, iqlim oʻzgarishi suv resurslarini boshqarish, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish va qoʻshimcha suv manbalarini topish boʻyicha faol choralarni talab qiladi. Yerlarning degradatsiyasi va choʻllanish tendensiyalari qishloq xoʻjaligining barqaror rivojlanishi va ekologik barqarorlikka salbiy taʼsir qiladi.

    Muhokama qilingan masalalar yuzasidan Barqaror rivojlanish maqsadlari bajarilishini baholash, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq muammolar va yangi tendensiyalarni hal qilish sohasida tajriba almashildi. Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va qishloq xoʻjaligining barqaror rivojlanishiga koʻmaklashish boʻyicha amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.