Maʼlumki, soʻnggi yillarda gidroenergetika sohasiga qaratilayotgan ulkan eʼtibor natijasida investitsiyaviy loyihalar asosida keng koʻlamli islohotlar, qurilish va modernizatsiya ishlari belgilangan reja asosida, tizimli ravishda amalga oshirilib kelinmoqda.

Mamlakatimizda investitsiyaviy loyihalar asosida quriladigan, ekspluatatsiyaga topshiriladigan GESlar soni tobora ortib bormoqda. Bu, oʻz navbatida, qayta tiklanuvchi elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarining yana-da ortishiga mustahkam poydevor yaratmoqda.

“Oʻzbekgidroenergo” AJ majlislar zalida Ijro apparati va tizim korxona va tashkilotlari rahbarlari ishtirokida kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Jamiyat boshqaruvi raisi Abdugʻani Sanginov soʻzga chiqib, “Oʻzbekgidroenergo” AJ va uning tizim korxonalari tomonidan 2020-yil yakuni bilan barcha prognoz parametrlari reja koʻrsatkichlarining bajarilishi va 2021-yilda gidroenergetika sohasini rivojlantirish va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini taʼminlashning dolzarb vazifalari toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

Yigʻilish davomida kun tartibidan oʻrin olgan keyingi masala –hamda Jamiyat faxriy yorligʻi bilan taqdirlangan tizim korxona va tashkilotlari mutaxassislarini taqdirlash marosimi oʻtkazildi.

22-dekabr – Energetiklar kuni munosabati bilan tizimda samarali mehnat faoliyatini olib borayotgan uch nafar xodim Jamiyat idoraviy mukofoti – “Gidroenergetika iftixori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

– Soha rivojiga oʻzining boy bilim va tajribasi, kamtarin va samarali mehnatini qoʻshgan, hamkasblari orasida yuksak insoniy fazilatlari, mehnatsevarligi bilan katta obroʻ-eʼtibor qozongan, gidroenergetika sohasining nufuzi, shon-shuhrati va sharafini yuksaltirishga hamda uning mavqeini oshirishga xizmat qilayotgan fidoyi gidroenergetiklar Jamiyatimizning chinakam iftixoridir, – deydi “Oʻzbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi A.Sanginov.