2,2 milliard soʻmlik qingʻir reja chippakka chiqdi

    Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

    Tovar-moddiy boyliklarni yurtimizga turli yashirin yoʻllar bilan olib kirishga hamda davlat byudjetiga tushishi lozim boʻlgan bojxona toʻlovlarini qingʻir yoʻllar bilan toʻlamaslikka boʻlgan urinishlar bojxonachilar tomonidan oʻz vaqtida bartaraf etilmoqda.

    Xususan, Andijon viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi hamda “Andijon” TIF bojxona posti xodimlari bilan hamkorlikda bojxona postiga viloyatda faoliyat koʻrsatuvchi masʼuliyati cheklangan jamiyat nomiga xorijiy mamlakatdan olib kelingan trikotaj matolar bojxona koʻrigidan oʻtkazildi.

    Bojxona rasmiylashtiruvi uchun taqdim etilgan hujjatlar bojxonachilarda shubha uygʻotdi. Oʻrganishlar natijasida esa bojxona rasmiylashtiruvi uchun taqdim etilgan bojxona yuk deklaratsiyasida “Trikotaj mato” deb koʻrsatilgan tovarlar aslida “sunʼiy toladan bosilgan mato hamda sunʼiy iplardan bosilgan mato” tovarlari ekanligi maʼlum boʻldi.

    Oʻtkazilgan bojxona koʻrigi natijasida qiymati 2 265 980 000 soʻmni tashkil etgan mazkur “sunʼiy tola hamda sunʼiy iplardan bosilgan mato” tovarlari ashyoviy dalil tariqasida vaqtincha saqlovga olindi.

    Yakuniy hisob-kitoblarga koʻra, ushbu tovarlar uchun 50 mln. soʻmdan ziyod qoʻshimcha bojxona toʻlovlari hisoblandi.