Bugun Oʻzbekiston hududida ob-havo oʻzgarib turadi, yogʻingarchilik boʻlmaydi, harorat 34-39 darajani tashkil qiladi.
25-avgustda respublikamizda ob-havoning oʻzgarishi kutilmoqda: ertalab respublikaning shimoli-gʻarbiy tumanlariga, kechga borib markaziy tumanlariga Volgaboʻyi hududidan salqin va nam havo oqimi kiradi. Qoraqalpogʻistonda, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida kun davomida, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo viloyatlarida esa kechga borib qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.
Harorat kechasi 20-25 daraja atrofida boʻladi, kunduzi pasayib 28-33 darajani tashkil qiladi, bu meʼyoriy koʻrsatkichlardan biroz pastdir.
26-avgust kuni respublikamiz hududining katta qismida momaqaldiroq boʻlib, yomgʻir yogʻishi mumkin, salqin atmosfera fronti janubi-sharq tomonga siljishi natijasida Qoraqalpogʻistonda, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida esa yogʻingarchilik toʻxtaydi.
26-avgust eng salqin kun boʻlishi kutilmoqda, harorat kechasi 15-18 daraja, kunduzi 23-26 darajani tashkil qiladi. Bunday harorat meʼyordan 6-9 darajaga pastdir.
Haftaning seshanba va chorshanba kunlari respublika boʻyicha shamolning tezligi sekundiga 15-20 metrgacha kuchayishi mumkin.
Payshanba va juma kunlari mamlakatimizda ob-havo yogʻingarchiliksiz boʻladi. Tungi salqin harorat saqlanib turadi va 15-20 daraja atrofida boʻladi, kunduzi esa havo asta sekin isishni boshlaydi va 28-avgustda 30-35 darajagacha koʻtariladi, deb xabar beradi Oʻzbekiston gidrometeorologiya markazi.