Prezidentning 2026-yil 25-avgustda imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish toʻgʻrisida”gi PF-169-sonli farmoni asosida qator hududlarda fuqarolikka qabul qilingan shaxslarga Oʻzbekiston fuqarosining pasport va ID-kartalari tantanali ravishda topshirilmoqda.
Toshkent viloyatida 48 nafarga pasport topshirildi
Toshkent viloyati hokimligida oʻtkazilgan tadbirda Oʻzbekiston fuqaroligiga qabul qilingan 48 nafar shaxsga pasportlar tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻi Abduvosit Abdurazzoqov, tegishli tashkilot va idoralar vakillari hamda fuqarolikka qabul qilingan shaxslar ishtirok etdi.
Fuqarolikka qabul qilinganlar orasida Tojikistonda tugʻilgan va 26-yildan beri Toshkent viloyatida yashab kelayotgan Xursanoy Jumaboyeva ham bor.
Uning aytishicha, 2000-yilda Oʻzbekistonga koʻchib kelganidan soʻng uzoq yillar davomida Tojikistonga bora olmagan.
“Onam vafot etganida, uni soʻnggi yoʻlga kuzata olmadim”, — deydi Xursanoy Jumaboyeva.
Yana bir fuqaro Robiya Qahhorova esa Oʻzbekiston fuqaroligini olishni 40-yil davomida kutganini aytdi.
Otabek Rasulov ham fuqarolikka ega boʻlish unga katta quvonch bagʻishlaganini taʼkidladi.
“Fuqaroliging boʻlmasa, juda qiyin. Kechqurun ishdan qaytsam, jiyanim yugurib kelib: «Togʻa, yangilik bor”, dedi. Xursandligimdan baqirib yubordim», — deydi u.
Navoiyda 9-yil fuqaroliksiz yashagan shaxs ham pasport oldi
Prezident farmoni asosida Navoiy viloyatida doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan ikki nafar shaxs Oʻzbekiston Respublikasining toʻlaqonli fuqarolariga aylandi.
Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov ularga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasportlarini tantanali ravishda topshirdi.
Fuqarolikka qabul qilinganlardan biri — Valiaxmetov Anas Ildusovich 1965-yilda Navoiy viloyatida tugʻilgan. U 2017-yilda Rossiya Federatsiyasidan Oʻzbekistonga koʻchib kelib, 9-yil davomida fuqaroligi boʻlmagan shaxs maqomida yashab kelgan.
Yana bir fuqaro — Djumayev Roman Vyacheslavovich 1987-yilda Navoiy shahrida tugʻilgan boʻlib, 2018-yilda Rossiya Federatsiyasidan Oʻzbekistonga koʻchib kelgan.
Tantanali tadbirda Oʻzbekiston fuqaroligi ular uchun yangi huquq va imkoniyatlar eshigini ochishi taʼkidlandi.
Surxondaryoda 90 nafar shaxs fuqarolikka qabul qilindi
Surxondaryo viloyatida doimiy istiqomat qiluvchi 90 nafar fuqaroligi boʻlmagan shaxs ham Prezidentning 2026-yil 25-avgustdagi farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi.
Viloyat hokimligida oʻtkazilgan tantanali tadbirda ularga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining identifikatsiya ID-kartalari viloyat hokimi Ulugʻbek Qosimov tomonidan topshirildi.
Tadbirda Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Baxtiyor Inoqov ham ishtirok etib, yangi fuqarolarni ushbu muhim voqea bilan tabrikladi.
Tadbirda fuqarolik insonning davlat bilan huquqiy bogʻliqliginigina emas, balki uning Vatan bilan uzviy aloqasi, jamiyat hayotida munosib oʻrin egallashi va mamlakat taqdiri hamda kelajagiga daxldorligini ham anglatishi taʼkidlandi.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan keyin 1991–2007-yillar oraligʻida 482 nafar fuqaroligi boʻlmagan shaxs Oʻzbekiston fuqaroligiga qabul qilingan. 2007–2016-yillar davomida esa fuqarolikka qabul qilish holatlari qayd etilmagan.
Mustaqillikning 35-yilligi arafasida qabul qilingan yangi farmon esa yana 264 nafar inson uchun Oʻzbekiston fuqarosi maqomini olish imkonini yaratdi.