Yoshlar media haftaligidan koʻzlangan maqsad iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularni qoʻllab-quvvatlash, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlarni ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda faol va xolis yoritishda yoshlar ishtirokini kuchaytirishdan iborat.
Media haftalik dasturidan xalqaro konferensiya, ochiq muloqot, jurnalistikaga qiziqadigan iqtidorli yoshlar uchun taqdimot marosimlari, ommaviy axborot vositalari hamda jurnalistika boʻyicha taʼlim beruvchi oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida memorandumlar imzolash, yosh jurnalistlarni taqdirlash marosimlari, yoshlar media studiyalari taqdimotlari, yangi filmlar premyeralari hamda “Jurnalistlar bahori” media-festivali oʻrin olgan.
Media haftalik tadbirlari poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida boʻlib oʻtadi.
Haftalikka tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonlarini muvofiqlashtirib borish maqsadida Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari (OʻzEOAVMA) va Yoshlar ishlari agentligi tomonidan ishchi shtab tashkil etildi hamda haftalik dasturi ishlab chiqildi.
Mazkur milliy media dasturi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondining mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasi, YUNESKO va Konrad Adenauer jamgʻarmasining Oʻzbekistondagi vakolatxonalari singari qator davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda tayyorlanmoqda.
Dastur OʻzEOAVMA faoliyatini kengaytirish, axborot saytlari va ijtimoiy tarmoqlarni rivojlantirish boʻyicha hamkorlik, respublika hududidagi nodavlat elektron OAVlarni yana-da rivojlantirish, yosh jurnalistlar uchun keng imkoniyatlar yaratish kabi 60 ta loyihani qamrab olgan.
Media haftalik kun tartibidan yosh kino ijodkorlarning «Shumbola» kinofestivali ham oʻrin olgan.
Tadbir davomida, shuningdek, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida OʻzEOAVMA bilan hamkorlikda tashkil etilgan multimedia studiyasi hamda “Poytaxt” radiosi bilan hamkorlikda tashkil etilgan talabalar radiostudiyasining tantanali ochilish marosimi va taqdimotlari oʻtkaziladi.
Bundan tashqari, yosh jurnalistlar hamda kinoijodkorlar ishtirokida piching, seminar-trening va mahorat darslari tashkil etilishi nazarda tutilmoqda. Ularga xorijiy va mahalliy taniqli jurnalistlar va boshlovchilar jalb etiladi.