Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida poytaxt hududida olib borilgan tezkor tadbirlar davomida, Buxoro shahrida tugʻilgan bir nechta shaxslarning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, ularning doimiy yashash manzillarida jangovar qurol va oʻq-dorilar borligi aniqlandi.
Jumladan, 1973-y.t. shaxsning Buxoro shahridagi yashash xonadoni koʻzdan kechirilganda, uyning tom qismiga yashirib qoʻyilgan 3 dona Makarov pistoleti va 21 dona patroni, 1 dona TT pistoleti va 5 dona patroni hamda 1 dona tovushni pasaytiruvchi qurilma (glushitel) protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Aniqlanishicha, mazkur shaxs jinoiy sheriklari bilan birgalikda, ushbu qurollarni va oʻq-dorilarni muqaddam Rossiya Federatsiyasidan kontrabanda yoʻli bilan olib kelishgan.
Sudga oid ballistik ekspertiza xulosasiga koʻra, qurollar va oʻq-dorilar jangovar holatda boʻlib, foydalanishga yaroqli hisoblanadi.
Bundan tashqari, ulardan birining xonadonidan qirqma holatiga keltirilgan va tegishli hujjatlari boʻlmagan 2 dona ov miltigʻi hamda 6 dona oʻq-dori tegishli tartibda olindi.
Hozirda Jinoyat kodeksining 246 va 248-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.