Suhbat davomida Fargʻona viloyatining investitsion salohiyati, xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida fikr almashildi.
Syu Yuxang Fargʻona viloyatini respublikada aholi soni boʻyicha yetakchi hududlardan biri ekanini inobatga olgan holda, mazkur hududda axborot texnologiyalarini rivojlantirish uchun qulay sharoit mavjudligini taʼkidladi.
Shu sababli, viloyatdagi oʻrta taʼlim muassasalarida zamonaviy oʻqitish tizimini joriy etish va raqamli texnologiyalar markazlarini yaratish boʻyicha qiymati 3 million AQSH dollari boʻlgan loyihaning taqdimoti bilan tanishtirdi.
Kompaniya menejeri mazkur loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilgan holda kelgusida keng imkoniyatlarga ega sim-kartalar ishlab chiqaruvchi korxonani ishga tushirish, savdo-iqtisodiy sohani muvofiqlashtiruvchi elektron dasturni yoʻlga qoʻyish, Qoʻqon erkin iqtisodiy zonasida logistika markazini barpo etish kabi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqishga tayyorligini bildirdi.