Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Payariq tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqarolar S.Sh. (muqaddam sudlangan) va D.E. oʻzaro til biriktirib, fuqaro X.A.ning ishonchiga kirib, Amerika Qoʻshma Shtatlariga ishga yuborishlarini vaʼda qilishib, buning uchun 18 000 AQSH dollari miqdorida xarajat qilganliklarini aytib, evaziga X.A.ning “Toxirshayx” mahallasida joylashgan uy-joyini firibgarlik yoʻli bilan rasmiylashtirib olishga erishganligi aniqlandi.
Shuningdek, Departamentning Gʻallaorol tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda muqaddam firibgarlik va boshqa jinoyatlari uchun sudlangan M.I. fuqaro O.P.ning ishonchiga kirib, uni Koreya davlatiga ishga yuborishi evaziga 12 600 AQSH dollarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritgani aniqlandi.
Departamentning Yashnobod tumani boʻlimi va DXX xodimlari hamkorligida tumandagi Birlashgan koʻchasida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa fuqarolar M.O. va D.A. fuqaro T.B.ning ishonchiga kirib, unga Yaponiya davlatiga ishga yuborishi uchun viza olib berishini aytib, evaziga 2 500 AQSH dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.