3 ta viloyatda ishga kiritib qoʻyishni vaʼda qilgan firibgarlar ushlandi

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boʻlimlari IIB xodimlari hamkorligida Qashqadaryo, Buxoro va Fargʻona viloyatlarida noqonuniy ishga kiritib qoʻyish bilan bogʻliq firibgarlik holatlarni aniqlashga qaratilgan tezkor tadbir oʻtkazildi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Dehqonobod tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda “D.K.“ AJ qoʻriqchisi M.A. fuqarolar S.U. va Yo.I.ning ishonchiga kirib, ularni ushbu korxonaga ishga kiritib qoʻyishi evaziga 2 500 AQSH dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Shu kabi, Departamentning Buxoro shahri boʻlimi va viloyat IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Shofirkon tuman Tibbiyot birlashmasi boʻlim hisobchisi Yu.H. fuqaro S.Z.ning ishonchiga kirib, uni ushbu tibbiyot birlashmasiga ishga kiritib qoʻyishi evaziga 700 AQSH dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Shuningdek, Departamentning Fargʻona viloyati boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa “Toshloqtumangaz“ gazchisi M.M. va boshqalar oʻzaro til biriktirib fuqaro A.S.ni ushbu gaz taʼminoti korxonasiga ishga kiritib qoʻyish evaziga muqaddam 1,7 mln soʻm va 500 AQSH dollarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritganliklari aniqlanib, ushbu pullar hisobidan 640 AQSH dollarining qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirildi.

    Hozirda ushbu holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.