Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Shu yilning 24-sentyabr kuni IIV Tezkor-qidiruv departamenti xodimlari tomonidan Bosh prokuratura hamda IJQK Departamentining Chilonzor tumani boʻlimi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazildi. 1999 hamda 2001-yilda tugʻilgan Toshkent viloyatida yashovchi ikki nafar shaxs jinoiy til biriktirib, Toshkent shahar, Yangihayot tumani, Oʻzar koʻchasi hududida joylashgan hokimiyat zaxirasidagi 8 sotix boʻsh yer maydonini hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 200.000 AQSH dollari talab qilib, oldindan boʻnak tariqasida 25.000 AQSH dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Samarqand viloyati IIB Tezkor-qidiruv xizmati, viloyat prokuraturasi hamda Departamentning Payariq tuman boʻlimi xodimlari hamkorligida Pastdargʻom tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida, 1979-yilda tugʻilgan muqaddam sudlangan shaxs Pastdargʻom tumani Shombuloq mahallasi hududida joylashgan fermer xoʻjaligiga qarashli 8 gektar yer maydonini 40 000 AQSH dollariga sotishini hamda kelgusida mansabdor tanishlari orqali hujjatlarini rasmiylashtirib berishini aytib, oldindan 20 000 AQSH dollari miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Navoiy viloyati IIB Tezkor-qidiruv xizmati tomonidan Navoiy shahar hududida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, 1971-yilda tugʻilgan yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxs qoʻlga olindi. U Navbahor tuman hududida joylashgan Oʻrmon xoʻjaligi boshqarmasiga tegishli boʻlgan 1000 gektar yer maydonini sotishi va hujjatlarni tayyorlab berish evaziga jami 15.000 AQSH dollarini talab qilib, oldindan 2.000 AQSH dollari miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda har uch holat yuzasidan tegishli tartibda jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib tergov harakatlari olib borilmoqda.