“Toshkent xalqa avtomobil yoʻllaridan foydalanish uchastka boshqarmasi” unitar korxonasi buyurtmachiligida 2023-yil 31-mart kuni 2 ta lot boʻyicha oʻtkazilgan 3 mlrd 220 mln soʻmlik davlat xaridida Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunning talablari buzilganligi va boshqa qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi.

Xususan, 2 ta lot boʻyicha xaridda ishtirok etgan 2 nafardan tadbirkorlarning hujjatlari xarid komissiyasining kotibi foydalangan kompyuterning IP-manzili orqali elektron platformaga yuklangan.

Shuningdek, oʻtkazilgan ushbu davlat xaridida xarid komissiya raisi va aʼzolarining ishtirokisiz, boshqa shaxs tomonidan ularning elektron raqamli imzolari orqali xarid natijalari baholanganligi va imzolanganligi maʼlum boʻldi.

Mazkur holatlar boʻyicha 2023-yil 3-aprel kuni xarid komissiyasining bayonnomasini bekor qilish toʻgʻrisida buyurtmachiga taqdimnoma kiritildi va qonuniy chora koʻrish uchun toʻplangan hujjatlar Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborildi hamda holat boʻyicha xizmat tekshiruvi oʻtkazish uchun Avtomobil yoʻllari qoʻmitasiga soʻrovnoma kiritildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining taqdimnomasiga binoan “Toshkent xalqa avtomobil yoʻllaridan foydalanish uchastka boshqarmasi” unitar korxonasi tomonidan 4-aprel kuni xarid komissiyasining bayonnomasi bekor qilindi.