Birinchi holatda, Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashovchi 1996-yilda tugʻilgan shaxs va uning 1999-yilda tugʻilgan samarqandlik tanishi poytaxt hududida toʻxtatilib tekshirildi. Tekshiruv jarayonida ularning yonidan 8 400 dona “Regapen” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasi aniqlandi.
Shuningdek, ular vaqtinchalik ombor sifatida foydalanib kelayotgan Chilonzor tumanidagi xonadondan yana 12 600 dona “Regapen”, 10 ming dona turli xildagi, ishlab chiqaruvchisi aniq boʻlmagan va qoʻlbola usulda tayyorlangan dori vositalari topildi. Bundan tashqari, dorilarni qadoqlash uchun moʻljallangan 500 dona idish hamda qalbaki dorilar qadoqlariga maʼlumot kiritishga moʻljallangan markerlovchi mini-printer qurilmasi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Ikkinchi holatda esa, Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi, Ichki ishlar va bojxona organlari xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbirda 1994-yilda tugʻilgan shaxs 6 dona “Zardeks” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini 600 ming soʻmga sotgan vaqtida qoʻlga olindi.
Tezkor tadbir davomida mazkur dori vositalarini yetkazib berib turgan Namangan shahrida yashovchi, 1987-yilda tugʻilgan, muqaddam sudlangan shaxs ham poytaxt hududida ushlandi. Uning “Treker” rusumli avtotransport vositasidan 12 400 dona “Zardeks” va 14 dona “Regapen” protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.