Ayrim shaxslar tomonidan turli nayranglarni qoʻllagan holda bojxona toʻlovlarini chetlab oʻtishga boʻlgan qator urinishlariga qarshi bojxona organlari tomonidan tizimli ravishda kurash olib borilmoqda.

Davlat bojxona qoʻmitasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish va oʻz xavfsizlik boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida ana shunday navbatdagi qingʻirlikka chek qoʻyildi.

Xorijdan yurtimizda faoliyat olib borayotgan masʼuliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga olib kelingan qurilish materiallarining faktura qiymati hujjatlarda 70 402 AQSH dollari miqdorida koʻrsatilgani bojxonachilar eʼtiborini tortdi va ushbu qiymatning haqqoniyligini tekshirish uchun xorijiy davlatga soʻrovnoma yuborildi.

Soʻrovnoma natijasiga koʻra, qurilish materiallarining umumiy faktura qiymati 207 352 AQSH dollari ekanligi maʼlum boʻldi.

Tafovutlar natijasida 344,2 million soʻm qoʻshimcha bojxona toʻlovlari hisoblandi.