O‘zbekiston chegaralarida yirik miqdorda giyohvandlik moddalari olib kirilishiga chek qo‘yildi.
Ma’lum qilinishiсha, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari hamda Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarma xodimlari hamkorligidagi tadbirda 2003 va 1998 yillarda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tayotgan vaqtda qo‘lga olingan.
Ularga tegishli sport sumkalari tekshirilganda, jami 4 kg 884 gramm “opiy”, 19 kg 863 gramm “gashish” hamda 380 quti “Esse Change” tamaki mahsulotlari borligi aniqlangan va ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 223, 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularga “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Shuningdek, Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan alohida tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Afg‘onistondan kontrabanda qilingan giyohvandlik vositalari aniqlandi.
1978, 1981 va 2004 yillarda tug‘ilgan uch nafar shaxs davlat chegarasini buzib, avtomobil g‘ildiragi kamerasi yordamida Amudaryo orqali suzib o‘tayotgan vaqtda qo‘lga olingan. Ulardan 2 kg 708 gramm “opiy” va 8 kg 257 gramm “gashish” musodara qilindi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, narkosavdogarlar ushbu moddalarni etkazib berish evaziga kur’erlarga har bir kilogramm uchun 200 AQSh dollaridan haq to‘lashni va’da qilgan.
Holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 223 va 246-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.