Qoraqalpog'istonda fuqaro yaxshi niyatlar bilan uch yarim millionga xarid qilgan uyali telefoni kafolat muddati tugamasdanoq ishlamay qoldi. Iste'molchi bu masalada do'kon sotuvchisi, servis xizmatiga qatnayverib charchadi. Mazkur ishdan biron natija chiqmasligini bilgach, 1159 qisqa raqamli telefoniga qo'ng'iroq qilib, murojaatini qoldirdi.
To'g'ri-da, iste'molchining e'tirozini birov tinglamasa, shuncha puliga kuyib qoladimi? Aslida, nosoz telefonini kafolat muddatida bepul ta'mirlatib olishi yoki bo'lmasa sifatlisiga almashtirib olishi mumkin edi…
Mazkur shikoyatda keltirilgan masala Qoraqalpog'iston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish hududiy boshqarmasi tomonidan o'rganib chiqildi. Jarayonda 2021-yil 4-martda bo'lib to'lash shartnomasi orqali sotib olingan “Nokia” markali telefonga berilgan servis xizmatining xulosasida ishlab chiqarishdagi nosozligi ma'lum bo'ldi. Haqiqat qaror topdi, ovoragarchilikka chek qo'yildi. Uyali telefonga berilgan kafolat talabi va shartlari hisobga olingan holda nosoz telefon sifatlisiga almashtirib berilishiga erishildi.
Ma'lumot o'rnida: O'zbekiston Respublikasi “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi Qonunning 13-moddasida iste'molchiga nuqsonli tovar sotilganda huquqlari belgilab berilgan, ya'ni nuqsonli tovar sotilganda iste'molchi, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib o'tilmagan bo'lsa, o'z xohishiga qarab quyidagilardan birini talab qilishga haqli:
- tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul sifatli tovarga almashtirib berish;
- tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) shunday tovarga almashtirib, uning xarid narxini tegishincha qayta hisob-kitob qilish;
- tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki iste'molchining yoxud uchinchi shaxsning nuqsonlarni bartaraf etishga qilgan xarajatlarini qoplash;
- xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirish;
- shartnomani bekor qilib, ko'rilgan zararni qoplash.
Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi axborot xizmati