Poytaxtimizning Mirobod tumanida tashkil etilgan xayriya tadbirida ham ehtiyojmand oilalar qalbiga quvonch ulashildi. “Temir daftar”da turgan 395 oilaning har biriga “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi tomonidan 1 million soʻmdan moddiy yordam koʻrsatildi.
— Hafta davomida “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan oʻnlab vatandoshlarimizning jarrohlik amaliyoti uchun ham mablagʻ ajratib berildi, — deydi fondning Toshkent shahar boʻlimi boshligʻi A. Dalabayev. — Xususan, Bektemir tumanidagi “Nurafshon” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Sabohat Abdurasulovaga qizining operatsiyasi va endoprotez mahsulotlarini sotib olish uchun jamgʻarma mablagʻlari hisobidan salkam 45 million soʻm ajratilgan boʻlsa, Sergeli tumanida yashovchi Javohir Toʻxtayevning Hindistonda davolanib kelishi uchun 300 million soʻm toʻlab berildi.
“Mehr-saxovat” oyligi doirasidagi tadbirlar davom etmoqda. Keyingi hafta Chilonzor va Shayxontohur tumanlarida tashkil etilishi rejalashtirilgan xayriya tadbirlarida ehtiyojmand oilalarga oziq-ovqat mahsulotlarini tarqatish ham rejalashtirilgan.
“Mahalla” fondi
matbuot xizmati