Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Samarqand viloyati bojxona va ichki ishlar boshqarmalari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbirda “Samarqand–Qoraqalpogʻiston» yoʻnalishida harakatlanib ketayotgan ”Cobalt“ rusumli avtomashina salonida 992 gr ”opiy" moddasi borligi aniqlandi.
Mazkur narkotik moddani toʻrtkoʻllik xaridorlarga sotgan samarqandlik fuqarolardan birining xonadonidan 767 gr “gashish” moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Boshqa bir holatda, Urgut tumanida harakatlanayotgan “Matiz” rusumli avtomashina toʻxtatilib, koʻzdan kechirilganda 1958-yilda tugʻilgan yoʻlovchining yonida 500 gr “opiy” moddasi borligi aniqlandi.
Bulungʻur tumanida oʻtkazilgan tadbirda esa “Samarqand–Namangan” yoʻnalishida harakatlanayotgan “Cobalt” rusumli avtomashinada yoʻlovchi sifatida ketayotgan shaxsning yonida 978 gr “gashish” moddasi borligi maʼlum boʻldi.
DXX Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazgan tadbirda Andijon viloyati Paxtaobod tumanida yashovchi shaxs boshqaruvidagi “Cobalt” rusumli avtomashinaning motor qismiga yashirib qoʻyilgan 951 gr “gashish” giyohvandlik vositasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Ushbu giyohvandlik vositalari Oʻzbekistonga uchinchi shaxslar tomonidan Qirgʻiziston va Tojikiston Respublikalaridan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingani maʼlum boʻldi. Mazkur holatlar yuzasidan fuqarolarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.