Ukraina sport nashrlari tarqatgan xabarga koʻra, klub prezidenti Igor Surkis tomonidan tayinlangan Mircha Lucheskning faoliyatiga Dinamo(Kiyev) ishqibozlari norozilik bildirib chiqishdi. Klub bazasida oʻtkazilgan namoyishda futbol fanatlari Surkisdan ruminiyalik murabbiyni ishdan boʻshatishni talab qilib namoyish oʻtkazishdi.

Oʻz navbatida ruminiyalik murabbiy jamoani tark etishiga iqtisodiy omillar taʼsir etmaganligini, aksincha Ukrainada ishlashga ishtiyoqi baland boʻlganligini, biroq, fanatlar bosimi ostida ishlay olmasligini taʼkidladi.

Biroq, Dinamo rahbari Surkis jurnalistlarga bergan intervyusida “Mircha hech joyga ketmasligini, klub 3-4 ta janjalkashning “xarxashasiga” qarab qolmaganligini” bildirdi.

Eslatib oʻtamiz, ruminiyalik mutaxassis 2004-2016-yillarda Dinamoning azaliy raqibi boʻlgan Doneskning “Shaxtyor” jamoasida bosh murabbiy boʻlib ishlagan.

Hozircha ushbu voqelikning yakuniy natijasi qay koʻrinishda boʻlishi nomaʼlum. Ishqibozlar munosabat bildirdi, Mircha oʻz soʻzini aytdi. Surkis qatʼiyat koʻrsatdi. Tarozining pallasi qay tarafga ogʻishini esa vaqt koʻrsatadi.

Toʻlqin ROʻZIYEV.