Natijada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

Jumladan, Qoraqalpog‘istonda «ECO TEKS CLUSTER» MChJ faoliyati o‘rganilganda, 2023 yil 1 oktabrdan 2026 yil 31 mayga qadar paxta tolasi, lint va paxta yog‘i mahsulotlari tasdiqlangan grafiklarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotilgani aniqlangan.

Jami 38 ta holatda qonunchilik talablari buzilgan. Shundan 11 ta holatda paxta tolasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotilishi natijasida birja kotirovkasi va shartnoma narxi o‘rtasidagi farq hisobiga 183,8 mln so‘m asossiz olingan mablag‘ aniqlangan.

Andijon viloyatida «SADAF SOF UNLARI» MChJning faoliyati o‘rganildi. Jamiyat 2025 yil iyul–dekabr va 2026 yil yanvar–aprel oylarida birja orqali 3 918 tonna bug‘doy xarid qilgan va undan 2 646 tonna 75 foizli bug‘doy uni ishlab chiqargan.

Biroq mahsulotlarni birja savdolariga belgilangan hajm va muddatlarda chiqarish talablariga rioya etilmagan. Xususan, 2025 yil iyul oyida rejaga nisbatan 258 tonna mahsulot kam qo‘yilgan. Sentabr, oktabr va noyabr oylarida esa tegishli ravishda 840, 910 va 810 tonna mahsulot birja savdolariga umuman chiqarilmagan. Dekabr oyida ham rejaga nisbatan 570 tonna mahsulot kam qo‘yilgan.

Jizzax viloyatida «GROUPTEXTIL» MChJ tomonidan 2025 yil dekabr oyida 2 holatda 1 186 tonna, qariyb 4,1 mlrd so‘mlik paxta chigiti va tola mahsulotlarini tasdiqlangan muddat va hajmlarda birja savdosiga chiqarmaslik holatlari aniqlangan.

Qashqadaryo viloyatida esa «Kasbi tegirmoni» MChJ tomonidan birjaga qo‘yish rejalashtirilgan yuqori likvidli va monopol mahsulotlarning bir qismi savdoga chiqarilmagan.

Aniqlangan holatlar yuzasidan hududiy organlarning maxsus komissiyalari tomonidan «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 29-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 170-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari buzilgani bo‘yicha ishlar qo‘zg‘atildi.

Qonunbuzilishlarni bartaraf etish, asossiz olingan mablag‘larni qaytarish hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.