4 ta viloyatda yer maydonlarini olib berishni vaʼda qilgan firibgarlar ushlandi

    Toshkent, Andijon, Navoiy va Xorazm viloyatlarida fuqarolarga yer maydonlarini olib berishni vaʼda qilgan firibgarlar tegishli tartibda qoʻlga olindi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Mirobod tumani boʻlimi va DXX xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro P.D. va boshqalar oʻzaro til biriktirib, fuqarolar A.D. va X.N.ga Ohangaron davlat oʻrmon xoʻjaligiga tegishli yer maydoni hududidan uzoq muddatli ijara shartnomasi asosida ajratilgan 2 gektar yer maydonini fuqaro F.Sh.ga 61 000 AQSH dollariga sotishga kelishib, yer maydoni hujjatlarini tanishlari yordamida uning nomiga rasmiylashtirib berishini aytib, oldindan 20 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Shuningdek, Departament hamda DXXning Andijon viloyati boshqarmalari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro N.T. fuqaro A.P.ning yaqin qarindoshiga Asaka tumani “Yoshlar sanoat zonasi” hududidan ajratilgan 5 sotix yer maydonini goʻyoki tuman hokimligida ishlovchi tanishlari yordamida uning nomiga rasmiylashtirib olib berishi evaziga 20 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Departamentning Konimex tuman boʻlimi va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Sh.B. auksion savdosi orqali sotib olgan Qiziltepa tumanidagi 3 sotix yer maydonini hamda ushbu hududga tutash yana 4 sotix yer maydonini fuqaro X.P.ga 15 000 AQSH dollariga sotishga kelishib, goʻyoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida yer maydoni hujjatlarini 4 000 AQSH dollari evaziga rasmiylashtirib berishini vaʼda qilib, jami 19 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi va viloyat IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro N.A. fuqaro A.B.ning ishonchiga kirib, unga Yangibozor tumani “Xalqobod” massivida joylashgan hokimlik zaxirasidagi 6 sotix maydonini goʻyoki kadastr boʻlimida ishlovchi tanishlari yordamida hujjatlarini rasmiylashtirib olib berishi evaziga 1 000 AQSH dollari va 17,5 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.