“Dunyo” axborot agentligi xabar qilishicha, Oʻzbekistonning Ashxobod va Tehrondagi diplomatik vakolatxonalari Turkmanistonning tegishli idoralari bilan hamkorlikda viza hamda transport-logistika masalalarini tezkor hal qilgan.

Maʼlum qilinishicha, Turkmaniston tomonining koʻmagi bilan 41 nafar Oʻzbekiston fuqarosi “Saraxs–Seraxs” va “Gaudan–Bajgiran” chegara oʻtkazish punktlarida kutib olingan.

Diplomatik xodimlar tomonidan ularning Oʻzbekistonga xavfsiz yetib kelishi taʼminlangan.

Qayd etilishicha, mazkur chora-tadbirlar Oʻzbekiston tashqi siyosatida fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish ustuvor ahamiyatga ega ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

Shuningdek, muvofiqlashtirilgan hamkorlik mintaqadagi oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarining yuqori darajasini namoyon etgani taʼkidlangan.

Diplomatik vakolatxona hech bir fuqaro yordamsiz qolmasligini bildirib, vatandoshlarni oilasi bagʻriga qaytarish ishlari inson manfaatlari ustuvorligi tamoyili asosida izchil davom ettirilishini maʼlum qildi.