Qarorga koʻra, 2021-yil 1-oktyabrdan tegishli davlat tibbiyot muassasalarida (14 ta) imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga kvota asosida order berish tartibi bekor qilinadi va moliyalashtirishning yangi mexanizmi asosida ularni hisobga olish va navbat asosida davolanishga yoʻllashning elektron axborot tizimi joriy etiladi.

2022-yil 1-yanvardan kardiologiya, travmatologiya va ortopediya hamda akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tomonidan koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan koʻrsatilishiga ruxsat beriladi.

Amaldagi order berish tartibiga asosan rasmiylashtirilgan orderlardan 2022-yilning 1-yanvarigacha foydalanish mumkin.

2022-yil 1-yanvardan tegishli davlat tibbiyot muassasalarida (13 ta) imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni elektron axborot tizimi orqali hisobga olish va navbat asosida davolanishga yoʻllash tartibi joriy etiladi.

2021-yil 1-oktyabrdan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni davolash uchun ixtisoslashtirilgan muassasalarni Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi bilan tuzilgan shartnomalar asosida bazaviy narxlarda moliyalashtirish mexanizmi joriy etiladi.

2021-yil 1-avgustdan onkologiya, onkogematologiya va gematologiya muassasalarining palliativ yordam koʻrsatish boʻlimlari shifokorlari, oʻrta va kichik tibbiyot xodimlari lavozim maoshiga mehnatning sogʻliq uchun oʻta xavfli sharoitlari uchun 25 foiz miqdorida har oylik ustama haq toʻlanadi.

2022-yil 1-yanvardan bosqichma-bosqich tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining 46 ta tugʻuruq boʻlimlari negizida tumanlararo perinatal markazlar tashkil etiladi.

2021-yil 1-sentyabrgacha imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga respublika miqyosida tibbiy xizmatlarni koʻrsatish, ularning murojaatlarini qabul qilish, maslahat berish va axborot taqdim etishga moʻljallangan yagona qisqa raqamli bepul “tezkor aloqa” yoʻlga qoʻyiladi.