Mazkur holatni oʻrganish natijalariga koʻra, haqiqatda oʻta kuchli boʻlgan badboʻy hid Salar suv tozalash inshooti birinchi quvurining kirish qismidagi oqova suvlardan chiqayotganligi maʼlum boʻldi. Mexanik tozalashdan soʻng oqova suvlar ochiq lotok orqali 500 metr masofada biologik tozalash inshootiga oqib borish jarayonida biologik tozalash inshootidan shamol esgan tomonga badboʻy hidlar tarqaladi. Buning natijasida badboʻy hidlar shu atrofdagi aholi yashash sharoitiga zararli taʼsir qilmoqda.

Salar tozalash inshootiga 533 ta korxonaning ishlab chiqarishdan hosil boʻlgan oqova suvlari tashlanadi. Shulardan, “Toshkent shahar suv taʼminot” MCHJ tomonidan noxush hidlarning chiqishiga sabab boʻlib kelayotgan potensial xavfli korxonalar roʻyxati taqdim qilindi va ular soni 18 tani tashkil qildi.

Jumladan, 5 ta charm sanoati, 6 ta toʻqimachilik korxonalari va boshqalar. Ushbu 18 ta ishlab chiqarish korxonalarida tekshiruvlar amalga oshirish maqsadida, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil bilan kelishuv asosida oʻrganish ishlari boshlab yuborildi. Oʻrganish natijalari boʻyicha nosoz lokal tozalash inshootlari aniqlangan korxonalarda kamchiliklar bartaraf qilingunga qadar kanalizatsiya tarmogʻidan uzib qoʻyish choralari koʻriladi.

Mazkur korxonalarning lokal tozalash inshootlarida rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish, shuningdek 5 ta charm sanoat korxonalarni Toshkent shahar hududidan tashqariga koʻchirishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi tayyorlanmoqda.

Oʻrganish natijalari yuzasidan batafsil maʼlumot taqdim etiladi.