Muloqotda yurtimizdagi laboratoriyalar xalqaro standartlarga mos emasligi oqibatida oʻzbek meva-sabzavotlariga ishonch soʻnayotgani taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari koʻtarilgan masalaning oʻrinli ekanini qayd etdi va muammoning yechimini koʻrsatib berdi.
Jumladan, yaqinda Oʻmon sultonligi bilan Yuqorichirchiqdagi Agroxizmatlar markazida xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgan ilk xususiy laboratoriya ochildi. Shu yilni oʻzida 8 million dollar investitsiya hisobiga Zangiota tumani, Fargʻona va Samarqand shaharlarida ham xuddi shunday zamonaviy laboratoriyalar ishga tushadi.
Mutasaddilarga 5 ta laboratoriyani xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazib, xorijiy davlatlar karantin xizmatlari roʻyxatiga kiritish, yil yakunigacha Toshkent shahrida Referens laboratoriya tashkil qilib, xususiy laboratoriyalar ishini xalqaro standartlarga mosligini taʼminlash topshirildi.
Bundan buyon, xalqaro tan olingan reagentlar import bojidan ozod qilinadi, ularga majburiy ekologik sertifikat olish talab etilmaydi.
Shuningdek, meva-sabzavot sifati boʻyicha Yaponiya, Koreya, Avstraliya, Kanada kabi davlatlarning milliy talablari oʻrganilib, oʻzimizda joriy qilinadi.