8-martda poytaxtimizning Chilonzor tumanida avtobus piyodalarni urib yuborishi oqibatida bir kishi halok boʻlgani haqida xabar tarqaldi.
Maʼlum boʻlishicha, hodisa chamasi soat 11:30larda yuz bergan. 26 yoshli haydovchi “MAN” rusumli avtobusni boshqarib ketayotib, piyodalar oʻtish joyida ikki kishini urib yuborgan. Oqibatda 70 yashar fuqaro tan jarohatlari sabab vafot etgan. 5 yoshli bola esa Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan.
Shundan soʻng bemor zudlik bilan bosh miya, boʻyin, koʻkrak va bel umurtqa pogʻonasi, koʻkrak qafasi, qorin boʻshligʻi aʼzolari MSKT hamda qorin boʻshligʻi va koʻkrak qafasi aʼzolari ultratovush tekshiruvlaridan oʻtkazilgan.
Natijada unga “Avtotravma. Qoʻshma jarohat. Bosh miya yopiq jarohati va chayqalishi. Qorin boʻshligʻining yopiq jarohati. Qora taloq yorilishi. Koʻkrak qafasi yopiq jarohati. Oʻng oʻpkaning lat yeyishi. Bosh ensa sohasining ezilib yirtilishi” kabi dastlabki tashxis qoʻyilgan. Tibbiy koʻrsatma va standartlarga muvofiq bemorda zudlik bilan bir necha turdagi murakkab jarrohlik amaliyotlari bajarilgan.
Shifokorlarning saʼy-harakatlari natijasida operatsiya muvaffaqiyatli oʻtkazilgan.
Koʻrilgan tezkor davo choralari sababli ayni paytda bemorning umumiy ahvoli yaxshilanib, unda ijobiy oʻzgarishlar kuzatilyapti, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.