Inson oʻz kasbini yaxshi koʻrsa, halol mehnat qilsa, bu mehnat oʻz bahosini, qadrini topadi. Toshkent davlat universiteti tarix fakultetini bitirib, Fanlar akademiyasi Tarix institutiga kelganimga, mana, oʻttiz besh yil boʻlibdi. Bu yillar orasida bor salohiyatimni yurtimizning haqiqiy tarixini oʻrganishga, tadqiqotlarim natijasini xalqimizga yetkazishga harakat qildim. Zero, biz – tarixchilarning asosiy vazifamiz ham shu.
Zimmamizda xalqimizga tegishli katta qarzimiz — eng qadimgi davrlardan boshlab bugunga qadar yurtimiz tarixini yangi, chuqurroq oʻrganilgan va xolis yozilgan nashrini taqdim etishdek vazifa turibdi. Bundan oldingi Oʻzbekiston tarixiga oid adabiyotlar sobiq ittifoq davrida nashr etilgan edi. Tabiiyki, ularda koʻplab tarixiy xatolar uchraydi. Uch-toʻrt yildan beri institutimiz direktori, professor Azamat Ziyo rahbarligida oʻn jilddan iborat akademik nashr ustida katta tadqiqot olib borilmoqda.
...Oʻsha kuni men Buxoro safaridan qaytgan edim. Ellik mingdan ortiq kitob saqlanadigan shaxsiy kutubxonam bor, u yer qaysidir maʼnoda mening ishxonam. Yigʻilib qolgan vazifalar mavjudligi sabab yarim tungacha vaqtni kutubxonada oʻtkazdim. Kamtarona xizmatimizning davlatimiz tomonidan eʼtirof etilishi koʻnglimni koʻtardi. Qoʻngʻiroqlarning oxiri yoʻq edi, barcha doʻstlarim, hatto olis Xorazmdan hamkasblarim meni bunday yutuq bilan qutlashdi. Yuragim hayajonga toʻldi, safardan qaytgandagi charchoq va horgʻinliklar ham chiqib ketdi.
Har yili sakkiz-oʻntagacha monografiyam nashrdan chiqyapti. Ularning har biri kamida toʻrt yuz betdan iborat. Aslida bular oʻttiz-qirq yil davomida yozilgan kitoblar... 2016–2017-yillargacha bunday kitoblarning aksariyatini nashr etish imkoni boʻlmagan. Davlatimiz rahbarining ochiqlik va oshkoralik siyosati, tarix faniga ajratgan eʼtibori oʻlaroq bugungi kunda kitobxon qoʻliga haqqoniy adabiyotlar yetib bormoqda. “Oʻzbekiston tarixi” telekanalining ochilishi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix institutining yangidan ish boshlashi bularning isboti, nazarimda. Shunday ekan, albatta, gʻayratga yana bir bor toʻldik, har bir soniyadan unumli foydalanib mehnat qilishda davom etamiz.
Aslida, nasihat qilishni yoqtirmayman, ammo tarixchi olim sifatida yoshlarga aytishim lozim boʻlgan fikrlar bor: “El-yurtimiz ravnaqi yoʻlida astoydil va halol mehnat qilsangiz, oʻz qadrini topishiga ishoning, doim harakatda boʻling”.
Qahramon RAJABOV,
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi
Tarix instituti bosh ilmiy xodimi,
“Mehnat shuhrati” ordeni sohibi