O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tashabbusi bilan Mo'ynoq tumanida sobiq Mo'ynoq konserva kombinatiga tegishli bo'lgan, 25 yildan buyon faoliyat ko'rsatmayotgan 1 000 gektar maydonda yangidan baliqchilik xo'jaligi tashkil etildi. Bu haqda Bosh prokuraturaning telegramm kanalida xabar berildi.
Tumanning “Bozatao'” oful fuqarolar yig'ini Qiziljar qishlog'ida amalga oshirilgan mazkur loyihadan maqsad yoshlar bandligini va oziq-ovqat havfsizligini ta'minlashga hissa qo'shishdir.
Bu ishlarni tashkil etish uchun dastlab hovuzlar tozalanib, 13,7 km uzunlikda kanal va ariqlar qazildi, suv yo'llariga 2 ta nasos va boshqa zarur uskunalar o'rnatildi.
Mazkur xo'jalik negizida 10 ta fermer xo'jaligi tashkil etilib, 50 nafardan ortiq mahalliy yoshlar ish bilan ta'minlandi.
Bu loyiha kelgusida hududda intensiv usulda baliq etishtirishni bosqichma-bosqich yo'lga qo'yish , mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish va tumanda baliqchilik tarmog'ini yanada kengaytirishga zamin yaratadi.