Ijaraga uy qidirib yurgan talabalarning muammolarini oʻrganish va yaqindan yordam berish maqsadida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Talaba va oʻquvchilarning maʼnaviy yuksalishiga koʻmaklashish markazi xodimlari Toshkent shahar, Chilonzor tumanida joylashgan, “uy bozor”da boʻldi, deya xabar berdi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi axborot xizmati.
Xabarda taʼkidlanishicha, bozorda talabalarning turar joy boʻyicha muammolari oʻrganildi. Natijada Oʻzbekiston milliy universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Toshkent moliya instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti, Toshkent davlat texnika universiteti, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat transport universiteti, Toshkent davlat pedagogika universiteti va yana bir qancha oliy taʼlim muassasalari talabalarining 50 ga yaqini qulay ijara uylariga joylashtirildi.
"Shu oʻrinda, ijaraga turar joy izlab yurgan barcha talabalar oʻz tyutorlariga murojaat qilishlarini va ular bu masala boʻyicha amaliy yordam berishlarini eslatib oʻtamiz. Oʻz ishiga masʼuliyatsizlik bilan yondashish holatlari kuzatilganda @manaviyatedubot orqali murojaat qilishingiz mumkin", deyiladi xabarda.
Ushbu tadbirlar talabalar toʻliq turar joy bilan taʼminlangunga qadar doimiy vazirlik nazoratida boʻladi.