5,3 millard soʻmlik “parda” operatsiyasi fosh etildi

    Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

    Bojxona organlari tomonidan bojxona nazoratidan chetlab olib oʻtishga urinilgan juda koʻp miqdordagi tovar-moddiy boyliklarining noqonuniy aylanuviga qarshi tizimli chora-tadbirlar olib borilmoqda.

    Xususan, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi, Surishtiruv va maʼmuriy amaliyot boʻlimlari xodimlari Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazishdi.

    Tezkor tadbir davomida avvaldan kuzatuvga olingan fuqaro boshqaruvidagi yuk avtotransport vositasi poytaxtimizdagi mebel doʻkonlaridan birining omborxonasidan tovar-moddiy boyliklarni ortib, belgilangan yoʻnalishi boʻylab harakatlanib ketayotgan vaqtda toʻxtatilib, koʻzdan kechirilganda, transport vositasining yukxonasida hech qanday hujjatlari boʻlmagan xorijiy mamlakatlarda ishlab chiqarilgan parda matolari borligi aniqlandi.

    Shundan soʻng tezkor tadbir davom ettirilib, mebel doʻkoni omborxonasi belgilangan tartibda xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi.

    Natijada, bu yerda xorijda ishlab chiqarilgan, bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtganligini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan, jami qiymati 5 mlrd 338 mln. soʻmlik, 1759 oʻramparda matolari hamda 5645 oʻramda tayyor pardalar borligi aniqlangan.