Bojxona organlari tomonidan sifati kafolatlanmagan dori vositalarining noqonuniy aylanmasi bilan shugʻullanayotgan shaxslar faoliyatiga oʻz vaqtida chek qoʻyilmoqda.
Xususan, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi xodimlari tomonidan Zangiota tumanida tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Tadbir davomida dori vositalarini shartli xaridorga noqonuniy tarzda sotayotgan fuqaro bojxona xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.
Maʼlum boʻlishicha, umumiy qiymati 55,5 million soʻmlik jami 150 dona “Remdesevir for Injection 100 mg/vial” nomli dori vositalari “Kobalt” rusumli avtotransport vositasida belgilangan joyga sotish maqsadida olib kelingan. Lekin dorilarni sotayotgan vaqtda, bojxona xodimlari “ishning beliga tepgan”.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda, deb xabar beradi Davlat bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati.